Bolalarga atalgan yangi ertak

Toshkent Davlat sirkida Yangi yil bayrami munosabati bilan bolalarga atalgan yangi teatrlashtirilgan musiqiy tomosha davom etmoqda.“Nasriddin Afandining yangi ertaklari” deb nomlangan tomosha bolalarning qishki ta’til kunlari maroqli o‘tishiga xizmat qilmoqda. Sirk dasturlari bilan teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlarining o‘zaro uyg‘unligi ko‘pchilikda katta qiziqish o‘yg‘otayotir.

– Topqir, ziyrak va sho‘x-shodon Nasriddin Afandi Qorbobo, Qorqiz, turli ertak qahramonlari bilan birga bolalarni ertaklarning sehrli va maftunkor olamiga oshno etadi, – deydi Toshkent Davlat sirki bosh direktorining o‘rinbosari Anjela Xalilova. – Quvnoq ertak zamirida ahillik, inoqlik, hamjihatlik, bag‘rikenglik hukm surgan joyda ezgulikning hamisha yovuzlikdan ustun kelishi bilan bog‘liq oliyjanob g‘oya ifoda etilgani yosh tomoshabinlarda katta taassurot qoldirmoqda.

Bayram tomoshasida sirk san’atining barcha janrlariga keng o‘rin berilgan. Gimnastlar, akrobatlar, masxarabozlarning chiqishlari, o‘rgatilgan jonivorlar ishtirokidagi tomoshalar ertakka yanada ko‘tarinkilik bag‘ishlagan.

O‘zA, Nazokat Usmonova

Leave a Reply